Kirish Ro'yhatdan o'tish

Saytga kirish

Nomingiz *
Parol *
Eslab qol

Ro'yhatdan o'tish

(*) belgiga ega joylarni to'ldirish shart.
Ism *
Nomingiz *
Parol *
Parolni tasdqilash *
Email *
Email tasdiqlash*
Captcha *

Xasan bilan Xusan bir-biriga shunday o‘xshashki, qaysi biri Xasan, qaysi biri Xusan ekanini ajratish qiyin edi. Ular bir xilda kiyinib, hammavaqt birga yurardilar. Qishloqda yashovchi qari bobosi ham ularni bir-biridan ajratolmasdi. Ko‘pincha Xasan degani Xusan, Xusan degani Xasan bo‘lib chiqardi. Shunda bobo ham, nevaralar ham toza kulishardi.

Bir kuni keksa bobo shaharga mehmon bo‘lib keldi-da, sevikli nevaralarini ikki tizzasiga o‘tqazib, qiziq ertak aytib berdi. Ertasiga nevaralarini qishloqqa olib ketmoqchi bo‘ldi.

– Mana endi egizaklarning otlarini aytishda yanglishmaysiz, – dedi ularning onasi.

Xasan bilan Xusan issiq kiyinib, qishloqqa jo‘nadilar.

Erta bilan bobo yuz-qo‘lini yuvdi. Undan so‘ng bir nevarasi ham yugurib borib, yuz-qo‘lini yuvdi. Ikkinchi nevarasi erinib, pechka yonida o‘tiraverdi.

– Borib yuzingni yuv, bolam! – dedi bobo.

– E, e... – dedi u erinib.

  U yuzini o‘zi yuvmaydi, har kuni oyim yuvib qo‘yadilar. Shunda ham yig‘laydi, – dedi birinchi nevara.

– Sen Xasanmiding yoki Xusanmi? – deb so‘radi bobo.

– Men Xasanman, – dedi nevara.

Nonushtadan so‘ng bobo uzun chakmonini kiyib: “Qani, nevaralarim, dalaga chiqib, g‘o‘zapoya olib kelaylik, ovqatimiz ham pishadi, oyog‘imizning chigili ham yoziladi”, – dedi.

– Men bormayman, – dedi birinchi nevara.

– Men boraman, – dedi ikkinchisi.

– Sen Xasanmiding yoki Xusan? – deb so‘radi bobo.

– Men Xasanman, – dedi nevara.

Lekin Xusanning bobosidan ajralib qolgisi kelmadi. U erinchoqlik bilan o‘rnidan turdi-da, ular bilan birga dalaga ketdi.

Uzun dala  yo‘li. Boboning ko‘zi yo‘l o‘rtasida yotgan toshga tushdi. Bir qadam oldinda ketayotib, nevara tosh ustidan xatladi-da, yana yo‘lida davom etaverdi. Ikkinchi nevara toshni yo‘l chetiga olib tashladi.

– Sen Xasanmiding yoki Xusan? – deb so‘radi uni kuzatib turgan bobo.

– Men Xasanman, – dedi nevara.

Dalaga yetishdi. Katta maydonning bir chekkasida g‘o‘zapoya uyib qo‘yilgan. Bobo yerdagi g‘o‘zapoyalardan uch-to‘rt bog‘ to‘plab, bolalarga ko‘rsatdi-da:

– Polvonlarim, sizlar anavi g‘o‘zapoyalarni yig‘ishtirib bir yerga to‘plab turinglar. Men borib, oshnamning ot-aravasini olib kelaman, – deb jo‘nab ketdi.

Xasan shu damning o‘zidayoq bir chekkadan tushib, g‘o‘zapoyani tashiy boshladi. Xusan esa turgan yerida g‘o‘dayib turaverdi.

Xasan g‘ayrat bilan ishga kirishib ketdi. Xusan bo‘lsa  indamay o‘tiraverdi. Izg‘irin ikki yuzini ko‘kartirdi, u sovqotib, qaltiradi. U yana o‘rnidan turib, qo‘llarini cho‘ntagiga tiqdi, yoqasini ko‘tarib, quloqlarini berkitdi.  Xasan bo‘lsa qip-qizarib g‘o‘zapoya yig‘ardi. U sovqotmasdi.

Bir muddat o‘tgach, keksa bobo ot-aravani yetaklab keldi. U to‘plangan g‘o‘zapoyalarga, undan so‘ng qip-qizarib ishlayotgan nevarasiga qarab xursand bo‘lib ketdi. Unga: “Balli, azamat”, – dedi.

– Sen Xasanmiding yoki Xusan? – deb so‘radi bobo.

– Men Xasanman, – dedi nevara.

– Ha, aytgandek, sen Xasansan, – dedi bobo, – men seni endi yaxshi tanib oldim. Bundan keyin yanglishmayman.