Kirish Ro'yhatdan o'tish

Saytga kirish

Nomingiz *
Parol *
Eslab qol

Ro'yhatdan o'tish

(*) belgiga ega joylarni to'ldirish shart.
Ism *
Nomingiz *
Parol *
Parolni tasdqilash *
Email *
Email tasdiqlash*
Captcha *

Qadim qadim zamonlarda qish paytlari rang-barang qorlar yog'ar ekan. Ular ba'zan alohida-alohida, ya'ni bir ko'chaga sariq, boshqa bir mahallaga esa yashil, yana boshqasiga pushti ranglarda yog'ilsa, ba'zan bir joyning o'ziga yetti-sakkiz xil tusdagisi yog'ib, judayam g'aroyib rang-o'yin paydo bo'larkan.

Qorbo'ron o'ynagan bolalar juda mazza qilisharkan. Ko'chaning bu tomonidagi bolalar qip-qizil qordan to'pcha yasab ko'chaning u tomonidagi bolalarga otishsa, u tomondagilar oyoqlari ostida g'irchillayotgan binafsha tusli qorni hovuchga olib raqiblariga uloqtirishar ekan. Ayoz esa derazalarga rangin naqshlar chizarkan.


Shunday qilib, o'sha davrlar ham suvday oqib o'tib ketibdi. Keyin-keyin, faqat oq qorlar yog'adigan bo'libdi. Odamlar avvaliga oppoq qorlar mo'l ko'l yog'ayotganligidan rosa suyunishibdi. Endi oqko'ngil odamlar, ezguliklar ko'payadi deb orzu qilishibdi. Oppoq qorlar ko'paygani bilan oqko'ngil odamlar-u ezguliklar ko'paya qolmabdi. Haligacha bunday odamlarning nisbati o'sha-o'shaligicha o'zgarmay qolganmish. Boshda faqat oq qorlar yog'ayotganidan suyungan odamlar oradan ko'p o'tmay o'tmishda yoqqan rangin qorlarni sog'ina boshlashibdi.

Qorning oqligiga esa o'rganib ketishibdi, oqligi yillar osha tabiiy tuyula boshlabdi. Endi ular biror narsaning oqligini ta'riflaydigan bo'lishsa "qorday oppoq" deyisharkan.  Nega qorlar faqat oq rangda yog'adigan bo'lib qoldi? Buning sababini bilish uchun o'sha qadim zamonlar haqida ertakka quloq solish kerak. Bu ertakda bir necha ming yilda bir marotaba bo'ladigan bo'yoq bozori haqida so'z boradi.  Buyuk bo'yoqchi qirq quloqli qozonlarda bo'yoq pishirayotgan payt ekan. Uning bo'yoqlari qiyomiga kelib, har qozondan o'ziga xos rangdagi bug'lar ko'tarilib osmonu falakka o'rlay-o'rlay rangli bulutlarga aylanib, shamol yetovida turli taraflarga uchib ketayotgan g'aroyib manzara...

Buyuk bo'yoqchi xaridor kutib, yo'l poylayotgan mahali olisdan bir qora ko'rinibdi. Bordiyu, qo'lni peshonaga soyabon qilib yo'l qaralsa, yo'lovchi Bahor ekanligini bilib olish mumkin ekan. U tobora shitob bilan yaqinlashib, libosi-yu qiyofasi tiniq ko'rina boshlabdi. Juda chiroyli qizaloq ekan: Sochlarida kurtak va g'unchalar bo'rtib turgan emish, ko'ylagining etaklariga binafshalar qadalgan, moychechaklar kiydirilgan boshi uzra qaldirg'ochlar charx urib, yelkasiga qo'ngan sa'vayu qumrilar chah-chahlab kuylayotir.

Bahor bozorga yetib kelgach, Buyuk bo'yoqchiga ta'zim bajo keltiribdi. Buyuk bo'yoqchi xaridorlarning birinchisini bo'yoqlar bug'lanib turgan qirq quloqli qozonlari sari boshlabdi.

- Bahorgul, mana bu bo'yoqlardan keragicha olaver, - debdi u.

Bahor eng avvalo yashil bo'yoq qaynayotgan qozon yoniga boribdi. Unga yashil bo'yoq juda zarur ekanda. Bahorning qo'lidagi kerakli bo'yoqlar ro'yxatida ham shu rang birinchi yozilgan ekan. Bahor bo'yoq bozoridan ko'ngli to'lib chiqib ketibdi, axir u zarur bo'yoqlarning hammasidan yetarlicha olibdi-da. Shu vaqt bo'yoq bo'yoq bozoriga kunchiqar tarafdan terlab-pishib Yoz yetib kelibdi. U har mahaldagidek mudrab qolgan ekan.

Bahor o'z aravasida xarid qilgan bo'yoqlarini ortib, momaqaldiroqlarni gumburlatib, chaqinlar chaqnatib o'tgan mahali Yoz uyg'onib ketibdi-da, erta-indin dalalarda arpa-bug'doylar bo'y tortib, bog'larda olma, o'riklar ta'm yig'ib olishini, ular o'zlariga tegishli ranglarni keltirishini kutib Yozning yo'liga muntazir bo'lib qolishlarini o'ylab bozorga otlanibdi. Buyuk bo'yoqchi uni ham rozi qilib jo'natibdi. Bo'yoq bozoriga Kuz yetib kelgan payti ko'plab qozonlar bo'shab qolgan ekan.

Qozonlardan faqat ikkitasi - za'far va oq bo'yoq qaynayotgan qozonlarda hali ancha-muncha bo'yoq bor ekan. Qolganlarida bo'yoqning yuqigina qolgan ekan, xolos. Kuz o'z tegishini - za'far rangli bo'yoqning hammasini olibdi. Qolgan bo'yoqlar yuqini qozondan qirib olgach, oq bo'yoqdan ham oz-moz idishga solibdi. Uning ham o'ziga yarasha tashvishi bor, bog'-rog'lar, o'rmon va yaylovlardagi Bahorning yashil bo'yoqlarini o'zining sovuq yomg'irlari bilan yuvib, so'ng ularni za'far, pushti, zarg'aldoq ranglarga bo'yab chiqishi, paxtazorlardan esa oq bo'yog'ini ayamasligi kerak ekan.  Buyuk bo'yoqchi bo'shagan qozonlarini yuvib, ularni yig'ishtirayotgan paytda oxirgi xaridor

- Qish yetib kelibdi. Qarasa - ahvol chatoq. Unga faqat oq bo'yoqgina qolibdi, xolos. Bo'yoqchi yangi bo'yoqlarni tayyorlaguncha yana minglab yillar kutish kerak ekan.

Nachora, Qish o'ziga qolgan oq bo'yoqni olib yo'lga tushar ekan, qolgan fasllardan xafa bo'lib ketibdi. O'sha kundan boshlab Kuz va Bahorning, ilojini topsa Yozning bo'yoqlariga zarar yetkazish payida bo'larmish. Ayni o'riklar gullab turgan bahor tunlarida, paxtalar ochilib turgan kuz kunlarida qish daf'atan zahrini sochib qolar ekan. Bu orada xilma-xil qorlarning guvohi bo'lgan avlod o'rniga qorning oq rangdan boshqacha tusda yog'ishi mumkinligi tasavvuriga sig'dira olmaydigan avlodlar dunyoga kelibdi. Qishning bo'yoq bozoriga kech qolganligi esa ertak sifatida buvilardan nabiralarga meros bo'lib qolibdi. Alqissa, odamlar Qishning o'z qilmishidan ko'p o'ksimasligi, kelgusi safar bo'yoq bozoriga o'z vaqtida, xatto boshqa xaridorlardan ham oldin borishini eslatish uchun Yangi yil bayramlarida archa shoxlariga turli rangdagi o'yinchoqlar, qo'g'irchoqlar, shokilalar osishni odat qilishibdi.