Print
Kategoriya: Ertaklar
Ko'rildi: 3805

Bir sehrgar bo'lgan ekan. Uning qo'lidan hamma ish kelar ekan. Istasa, tap-taqir cho'l o'rnida dengiz yarata olar ekan. Yalang joyda qasr paydo qilish ham uning uchun arzimagan yumush ekan. Ammo bu ishlaridan sehrgarning ko'ngli to'lmas ekan.

Kunlarning birida u odamlarning baxt haqidagi fikrlarini bilmoqchi bo'libdi. Axir ular sehrgarlikdan bexabar bo'lsalar ham baxtli yashashar ekanlar-da! Sehrgar yo'lida yelkasiga o'g'ir qop ortmoqlagan o'tkinchini uchratib qolibdi.

- Zildaymi? - so'rabdi sehrgar.

- Zilday bo'lganda-chi!- debdi yo'lovchi.

- Istasang, yukingni yengillatib beraman. Ter ham to'kmaysan, mashaqqat ham chekmaysan, yumushing osongina amalga oshadi, - debdi sehrgar.

- Yo'q, menga bunaqa ko'makning keragi yo'q, - debdi yuk ko'targan yo'lovchi. 

sehr

Sehrgar yo'lovchining javobidan hayron bo'libdi:

 - Axir, qop judayam og'ir deyapsan-ku!

- Shunday bo'lmasa bo'lmaydi! - debdi yo'lovchi.

- Hamma narsa osongina bitaversa, nimadan sevinib, nimadan xursand bo'laman?

Gaping rost, - debdi sehrgar. - Mana mening qo'limdan hamma ish keladi, ammo sira quvona olmayman.

- Uy ham qura olasanmi? - so'rabdi yo'lovchi ishonqiramay.

Sehrgar javob berish o'rniga qo'lini yengilgina silkitibdi, shu onda ularning yonida mo'risidan pag'a-pag'a tutun burqsib turgan uy paydo bo'libdi.

- Qoyil! - debdi yo'lovchi entikib, keyin qo'shib qo'yibdi:

- Bunaqa uyni...o'z qo'ling bilan qurganigga ne yetsin...

- Sen haqiqatan ham baxtlimisan? - so'rabdi sehrgar.

- Qopni manziliga olib borsam, mendan baxtli odam bo'lmaydi, - javob beribdi yo'lovchi.

sehr1

- Uni manziliga men eltisha qolay bo'lmasa, - debdi sehrgar va qopni yelkasiga ortmoqlab olibdi.

Manzil olis ekan. Ular ketaveribdilar, ketaveribdilar.

- Hali uzoqmi? - so'rabdi terga bota boshlagan sehrgar.

- Uzoq, - javob beribdi qop egasi.

- Dam olsakmikan? - so'rabdi sehrgar hansirab.

- Yahshisi, yo'ldan qolmaganimiz ma'qul, - debdi unga javoban yo'lovchi. - Yo'qsa quvonchimiz tez tarqab ketadi.

Ular, nihoyat, manziliga yetib kelibdilar.

- Keldik, - debdi yo'lovchi sehrgarga.

sehr2

Sehrgar qopni yelkasidan tushiribdi, u horib-charchagan bo'lsa ham, yuzida tabassum o'ynab, yerga yotib olibdi.

- Ha! - debdi sehrgar peshonasidagi marjon-marjon terlarini artar ekan. - Baxt nimaligini angladim, buning uchun senga katta rahmat, birodar.

- Beminnat yordaming uchun senga ham tashakkur! - debdi yo'lovchi.

sehr3

Sehrgar o'sha kundan boshlab jodu ishlarini butunlay yig'ishtiribdi. O'z qo'li, o'z mehnati bilan uy qura boshlabdi.

Quyosh chiqmasidan burun bog'ga yo'l oladigan, dalalarga suv taraydigan bo'libdi.