INSULT: oldini olish

Miyadagi qon aylanishining keskin buzulishiga insult deb ataladi. Boshqa kasalliklar singari insultni ham davolashdan ko'ra oldini olish osonroq.

Insultning 2 turi mavjud:

1. Gemmarogik insult - kasallikning eng og'ir shakli bo'lib, qon bosimi oshishi natijasida yuz beradi. Bunda qon tomirlari haddan tashqari yuqori qon bosimiga bardosh bera olmay yoriladi va qon miya moddasiga quyiladi. Natijada miya siqilib, uning ma'lum bir qismi nobud bo'ladi. Bu holat bir vaqtda sodir bo'ladi.

2. Ishemik insult natijasida qon tomirlari yorilmaydi, lekin ular orqali qon oqimi tromb (to'siq) lar tufayli to'xtab qoladi. Tromblar - yosh o'tgan sayin qon tomirlarida ko'payib boradigan moddalar. Ular har qanday a'zoga qon kelish yo'lini to'sib qo'yishi mumkin, natijada o'sha a'zo infarktga uchraydi. Insultning bu turi odatda yoshi o'tgan insonlarda uchraydi. Ishemik insult bir vaqtda yoki yoki bir necha kunlar davomida sodir bo'lishi mumkin.

Shifokorlar orasida mikroinsult degan tushuncha ham mavjud bo'lib, bunda miyaga tekkan zarba ko'pi bilan 24 soat ichida yo'q bo'lib ketadi. Bunda bemor asoratsiz sog'ayib ketadi, lekin mikroinsultni ogohlantirishdek qabul qilmoq zarur. Undan so'ng hayot tarzini sog'lom tarziga o'zgartirib, qon bosimiga nihoyatda e'tiborli bo'lish talab etiladi.

Miyaning qaysi qismi zarb yeganiga ko'ra insultning asorati namoyon bo'ladi. Misol uchun, agar miyaning chap yarim pallasi zarb yegan bo'lsa, u holda bemor gapirishga qiynaladi, ba'zida gapira olmaydi. Agar miyaning oldi markaziy qismi zarb yegan bo'lsa, u holda bemorning harakatlanishi qiyinlashadi, ba'zida harakat umuman bo'lmaydi (paralich). Miyaning orqa qismi zarb yesa, u holda ko'rish qobiliyati zaiflashadi. Insult miyaning ko'p qismini yoki ba'zi bir qismlarigagina zarba berishi mumkinligi uchun, bemorning insultdan so'nggi holati miyadagi nobud bo'lgan to'qimalar hajmiga bog'liq.

Insult alomatlari:

Afsuski, insultning yomon tomoni shundaki, uning boshlanishi sezilmay o'tadi. Insult boshlangan bo'lsa ham, inson hech qanday og'riq yoki noxush holat sezmasligi mumkin. Ba'zida bosh aylanishi, ko'rish qobiliyati sustlashi yoki ko'ngil aynash holati bo'lishi mumkin. Bemorning o'zi ham uning yaqinlari ham miyada katta muammo vujudga kelganidan bexabar bo'ladilar. Kasallik rivojlanishidagi muhim - miyaga tegadigan zarbani kamaytirish imkoniyati bor - davrni deyarli hamma o'tkazib yuboradi.

Insult asoratlari juda og'ir bo'lib, uni yengishda bemordan katta qudrat va bardosh talab etiladi. Insultga chalinganlarning 80% qolgan umr davomida nogiron bo'lib qoladilar.

Insultga chalinish xavfi kimda bor?

Ishemik insult:

  • Yoshi 80 dan oshganlar;
  • Yoshi 50 dan 80 gacha bo'lgan erkaklar;
  • Arterial gipertenziya (qon bosimining yuqori bo'lishi) bemorlari;
  • Qand diabeti bemorlari;
  • Tuz va sho'r mahsulotlarni ko'p iste'mol qiladiganlar;
  • Vazni yuqori bo'lib organizmda yog'i ko'p insonlar;
  • Jismoniy harakat qilmaydiganlar;
  • Ba'zi yurak kasalliklari bemorlari;
  • Ateroskleroz (qon tomirlarining qisilishi) bemorlari;
  • Chekadiganlar;
  • Alkogolni me'yoridan ko'ra ko'proq qabul qiladiganlar;
  • Yaqin qarindoshi insultga chalinganlar;

Gemmoragik insult:

  • Qon tomirlarining tabiiy holati buzilgan insonlar;
  • Uzoq davom etadigan yoki muntazam ravishda qon bosimi ko'tariladigan bemorlar;
  • Qon quyilish funksiyasi buzilgan bemorlar;
  • Miya shishi mavjud bo'lgan bemorlar;
  • Psixostimulyatorlarni qabul qiluvchi bemorlar;
  • Miya yallig'lanishiga chalingan bemorlar.

Insultni oldini olish:

1. Qon bosimini doimiy nazorat qilib yurish. Uni yuqoriga ko'tarilib ketmasligini ta'minlash uchun kerakli dori vositalarni muntazam ravishda qabul qilish. Qon bosimi tinch holatda 140/90 dan yuqori yuradigan barcha insonlar qon bosimiga nihoyatda e'tiborli bo'lishi talab etiladi.

2. Chekayotganlar chekishni tashlashi maqsadga muvofiq bo'ladi.

3. Alkogol ichimliklarini meyoridan ortiq qabul qilishmaslik zarur.

4. Muntazam ravishda jismoniy mashg'ulotlarni bajarish lozim. Bunda og'ir mashg'ulotlar emas, balki organizm uchun qulay va yoqimli harakatlar nazarda tutiladi (masalan, toza havoda aylanish, yengil jismoniy mashg'ulotlar, shifokor tomonidan ta'qiqlanmagan boshqa mashg'ulotlar). Jismonan noaktivlik salomatlikka zarar hisoblanadi. Kuniga kamida 30 daqiqa davomida toza havoda aylanish organizmga katta foyda keltiradi.
MUHIM! Jismoniy mashg'ulotlar organizmga va a'zolarga og'irlik keltirmasligi zarur.

5. Qondagi xolesterin moddasi darajasini pasaytirish kerak. Yuqori darajadagi xolesterin insult xavfini oshiradi. Jismoniy aktivlik, maxsus dietalar xolesterin darajasini pasaytirishga yordam beradi.

6. Qand diabetiga chalingan bemorlar insultni oldini olish maqsadida shifokor bilan maxsus dietani ishlab chiqishlari va undan foydalanishlari talab etiladi.

7. Tuz va yog'i ko'p mahsulotlardan iste'mol qilmaslik maqsadga muvofiq bo'ladi. Shu qatorda dudlangan mahsulotlarni ham ovqatlanish ratsionidan chiqarib tashlash lozim;

8. Organizmda yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini o'z vaqtida davolash kerak. Ba'zida yurak-qon tomir tizimi kasalliklari insultni qo'zg'atishi mumkin.

Agar quyidagi holatlar kuzatilsa, darhol shifokorga uchrash talab etiladi:

- Badanning bir tomonida sezgirlikning yo'qotilishi;
- Ko'rish qobiliyatining to'satdan buzilishi;
- Gapira olmaslik yoki gapni tushuna olmaslik;
- To'satdan kuchli bosh og'rig'i;
- Bo'shashish, til aylanmay qolishi, ko'z jimirlashi bilan birgalikda bosh aylanishi namoyon bo'lishi.

Insultdan keyin tiklanish:

Dori vositalar yordamida;
Maxsus davolash gimnastika yordamida (LFK);
Fiziotrapiya (maxsus massaj, o'tlar bilan vanna);
Akupunktura (igna bilan davolash);
Boshqalar (kasallikdan organizm ko'rgan zarbaga qarab qo'shimcha muolajalar talab etilishi mumkin).

MUHIM! Massajni uy sharoitida emas, balki shifoxonada aynan insultga qarshi qaratilgan xilini amalga oshirish kerak. Insultdan so'ng massajning ba'zi xillarini qilish mumkin emas.

TELEGRAM

Buni ham o'qib ko'ring

Suhbatimizga qo'shiling!

Davomi »

loading...