Mushugim

Mushugim

Mushugim nomi Baroq,

Oyoqlari oq-yumshoq.

Krovatida yotadi,

Rosa hurrak otadi :)

                  Qizaloq

 

Jang tugadi

Jang tugadi.

Urushqoqlar

Juda ham holdan to'ydi,

Dakan xo'roz ikkoviga

Tanbeh berdi, koyidi.

 

To'kilgan pat terildi-yu,

Darhol imzo chkildi.

To's-to'polon,

Urushlarning

Yo'li taqqa bekildi...

 

Yunes Marsinkyavichyus

Men ortiqcha

Olcha tagin chopishar...

Sergey der: - Men ortiqcha.

Beshtangizga besh daraxt,

Menga ish yo'q tariqcha.

 

Mevalar g'arq pishgan chog'

Sergey bog'ga kirgandi.

Bolalar unga dedi:

- Ortiqchasan sen endi.

 

Agniya Barto

Uxla, qo'zim

Sevikligim, ey, o'g'lim,

Chiroyli anor gulim,

Ilk bahor navniholim,

Uxla, qo'zim, oppog'im!

 

Sen shirin hayotimsan,

Kuyimsan - qanotimsan,

Quvonchimsan, zotimsan,

Uxla, qo'zim, oppog'im!

 

So'zimni ich bolsimon,

Chinor kabi o's, polvon,

Lola kabi bo'l xandon,

Uxla, qo'zim, oppog'im...

 

Durdi Qilich

Boychibor

- Qani, chu, ey, tulporim,

Qani, chu, Boychiborim.

Shamoldayin yelayin,

Qirga chiqib kelayin.

Charchash bilmay Boychibor,

Chopar tinmay Boychibor.

Faqat egasi jiq-jiq

Terga botgan bemador.

O'tirar dam olgani

Bolakay qirga chiqib,

Yonida yotar edi

Boychibori - tol chiviq.

 

Jaqan Smaqov

Salom maktab

Yetti yoshga to'ldim men,

Maktab sari keldim men.

Salom maktab, jon maktab,

Quchog'ingga ol maktab.

 

O'zim yaxshi bolaman,

Eng a'lochi bo'laman.

Ona-yurtim dilbandi,

Istiqlol farzandiman.

 

Erkalik va shoxlikni

Tashlab keldim bog'chaga.

Barcha o'yinchog'imni

Terib qo'ydim tokchaga.

 

Odob va tarbiyani

Oldim ota-onamdan.

Endi bilim koniga

Yuray shu ostonadan.

 

Faqat "besh" baho bilan

Daftarimni to'ldiray.

Buyuk ona Vatanga

Munosib farzand bo'lay.

 

Zahro Hasanova

Ustozim

Qo'g'irchoqlar xush qoling,

Salom aziz maktabim.

Shoshilyapman bag'ringga,

Quyoshday ravshan tabim!

Ustozim, hali men

Ko'rmaganman Sizni hech.

Shu kunlarda xayolning

Mehmonisiz erta-kech.

Ko'rmasam ham taniyman,

Siz dunyoda eng dono,

Siz yaxshilar yaxshisi,

Siz otasiz,

Siz ona!

 

Yo'ldosh Sulaymon

Chipchipvoy kuzni kutar

Hayajoni avjida

Chipchipvoy kuzni kutar.

Koptok qolgan bir chetda,

Qo'lida kitob, daftar.

 

To'xtadi to kuzgacha,

O'rdak bilan o'yinni.

Erinmasdan sanaydi

Tutgan pashsha, chivinni.

 

Chip-chip, deb kuylar qo'shiq.

Bilar hatto, qo'shishni.

Erka g'ozga o'rgatar,

Alifbeni, o'qishni.

 

Tovuq poshsha jo'jaga

Tikib berdi ko'ylak-shim.

Baboq xo'roz bozordan

Keltirdi oyoq kiyim.

 

QUvonchi ko'p avjida - 

Sig'may ketar katakka.

Kuzni kutar kun sanab,

Borsam deydi - maktabga.

 

Dilfuza Kamoljonova

Yo'ldagi suhbatlar

- Ayt-chi, buncha jilmayib

Kulyapsan, quyoshjon?

- Ola bulutlar yo'qdir,

Qara, tip-tiniq osmon.

***

- Toshdan-toshga sakrab, soy,

Qayoqqa shoshyapsan, hoy?

- To'xtab turayin qandoq,

Meni kutar dala, bog'...

***

- Ey, qush, nega sayraysan

Tinim bilmay tonggi payt?

- Ona-yurt go'zalligin

Kuylamay bo'larmi, ayt?

***

- Ey, niholjon, ne uchun

Qarsak chalar yaprog'ing?

- shodman, chunki hosildan

Egilgandir butog'im.

***

- Tog'jon, sen buncha yuksak,

Senmi osmonga ustun?

- Oh, bilsang, inson qo'li

Mendan ham yuksak, uzun.

***

- Ey, gul, buncha tovlanib

O'zingga beryapsan zeb?

- Boqqaningda, bolajon,

Ko'zlaring quvnasin, deb.

***

- Shamol, qayga chopyapsan,

Seni quvlarmi birov?

- Axir, Qancha ishim bbor,

Bo'lmas bormasam darrov.

***

- Bog'bon ota, siz buncha

Shod, xandon?

- Hozil bu yil mo'l-u ko'l,

Bolajon!

 

Rauf Tolib

 

 

Non savatim

Oq tolim-u ko'k tolim,

Chiviqlari tolim-tolim.

Non savatim, sevib seni

To'qigandir akang Olim.

Non savatim, jon savatim,

Nonga to'lib tur, savatim!

 

To'xtaxon Rahimova

Usta

Men kichik

Ustaman.

O'z ishimga

Puxtaman.

Dadam bilan

ertalab

Yog'och, taxta

Randalab,

Uycha qurdim

Tovuqqa,

Qolmasin deb

Sovuqqa.

 

Odil Abdurahmon.

Joyiga o'sayapman

Nazmi xola ko'rpa qavib

O'tirardi supada.

Nabirasi xom olmani

Uzib solar lippaga.

 

- Shoxda nima qilyapsan?

Pastga tush, Xosiyatxon!

- To'kilgan olmalarni

Joyiga osayapman...

 

Tursunboy Adashboyev

Uyg'on

Uyg'on, erkam, ko'zing och,

Tong yoydi zarrin quloch.

Bosh ustingda aylanib

Uchib o'tdi qaldirg'och.

 

Allaqachon botdi oy,

Tur, yotmagil, erkatoy.

Qanot yozib osmonda,

Kuy boshlandi bo'zto'rg'ay.

 

Kutadi o'yinchog'ing,

Kutadi qo'zichog'ing.

Kutadi yer tepinib

Sho'x, o'ynoqi toychog'ing.

 

Kutadi daftararing,

Bo'yoqlaring, zarlaring.

Kutar uchgisi kelib

Bir talay kaptarlaring.

 

Gullar intizor boqar,

Suvlar mavjlanib oqar.

Sening uchun tong otib,

Quyosh mash'ala yoqar.

 

Uyg'on, erkam, tur, erkam,

Ko'z sol, olamga - ko'rkam!

Sen uchun bog'cha, bog'lar,

Olamlar bermish o'lkam.

 

Uyg'on, qo'zim, yuzing yuv,

To'ng o'zingday sof, suluv... 

Shoshil, erkam, maktabda

Kutadi seni o'quv!

 

Mirtemir

Onam ishdan keladi

Onam ishdan keladi,

Yana ovqat qiladi.

Kirimizni yuvadi,

Uydan changni quvadi.

Men bir chetda turaymi?

Yo'lni chapga buraymi?

Onam oshga urinsa,

Sabzi to'g'rab turaman.

Yuvgan kiri qurisa,

Darrov dazmol uraman.

Onam ishga ketganda,

Polimizni artaman.

Onamni shoq qilaman

Kunda necha marta man.

 

Miraziz A'zam

Yangi yil salomi

Yangi orzu, yangi shon,

Tilaklari bir jahon.

Dunyo bo'lsin deb omon,

Kulib kelgan yangi yil,

Dikl to'ridan bir olam

Salom senga,

Assalom!

Bag'ri to'la quvonch, baxt,

Mangu tinchlik qilib ahd,

Yigitday g'ayrati shaxd

To'lib kelgan yangi yil,

Qalb to'ridan bir olam

Salom senga,

Assalom!

 

Qambar Ota

Yog'yapti

Yer to'ysin deb bir yo'la,

Qor baralab yog'yapti.

Go'yo osmon un elar,

Havosi ham yoqyapti.

Yurganimda iz qolsa,

Qor uni tez yopyapti,

Kuchigim ham oqarib,

Atrofimda chopyapti.

Momojonim oynadan

Juda xursand boqyapti.

Xayolimga yoz kelib,

Suv sharqilab oqyapti!

 

Yo'ldosh Sulaymon

Mustaqillik archasi

Yurtimning xushsuratiga

Ko'rk bergan baland archa,

Har yilgidan chiroyliroq

Bezangansan ayt, buncha?

 

Bo'yi-basting xo'p kelishgan,

Yarashibsan maydonga.

Katta-kichik qo'l ushlashib,

Oshiqar sen tomonga.

 

Kamalakrang chiroqlardan

Munchoq taqib oldingmi?

Senga intilganlarni

Ko'p hayratga soldingmi?

 

Qo'sh laylaklar qanot qoqib

Bayram bilan olqishlar.

Seni ko'rmoq uchun ketmay,

Qishlab qolganmi qushlar?

 

O'yin-kulgu avjga mingan,

Chehralarda tabassum.

Ot o'yinu arg'imchoqlar

Bolalar bilan gavjum.

 

Mo'jizalar o'lkasida

Sehrli go'sha misol,

Qalblarga quvonch ulashib,

Mayli, ertak bo'lib qol.

 

Zahro Hasanova

Qish

Dala-dashtda tindi ish

Mehmon bo'lib keldi qish.

Qish emas, -  qor bobo,

Sovg'alari bor bobo.

Uyda bezog'lik archa,

Tepasida oyparcha.

Xuddi yozday, bahorday,

Iliq kuzgi nahorday.

 

Qor yog'ar kecha-kunduz,

Suv sovqotib kiygan muz.

Dala-dasht - oppoq gilam,

Qoqib bo'lmas sira ham.

Orom berar qor yerga,

Dam-badam tushib terga.

Kela qolsa gul bahor,

Erib ketar yerdan qor.

 

Shukur Sa'dulla

Kuz

Tongda turib bog'ga kirdim,

Miltillar qirov.

Go'yo tunda ko'kdan shakar

Sepgandek birov.

 

Erta bahor ekkan edim

O'n besh tup ko'chat.

Bargin to'kib, yosh novdasi

Qolibdi faqat.

 

Yozning issiq kunlarida

Beribdi bardosh.

Agar qishda childam bersa,

To'ladi bir yosh.

 

Uch yil o'tgach, deyman - Do'stlar

Bog'ga marhamat!

Qaytar chog'i meva tutay,

To'ldirib savat.

 

Shuhrat

Kuz

Suvotlari to'la irmoqni

Muzdek qilib qo'ydi sunbula.

Yel tortqilab barqut yaproqning

Yuragiga soldi g'ulg'ula.

 

Ko'kda yana oppoq turnalar

Arg'imchoqlar solib uchishdi.

Biz maktabga chopdik, tillarang

Terakzorlar yig'lashga tushdi...

 

Muhammad Yusuf

Orzu

Belanchakda qachongacha

Yotish mumkin, turib ketdim.

Shu bahorda tilim chiqdi,

Shu bahorda yurib ketdim.

 

Voy-bo', atrof buncha go'zal,

Hammayoq gul, hammayoq bog'.

Xiyobonga chopgim kelar,

Kelar o'ynab yurgim ko'proq.

 

Onam bo'lsa, ehtiyot bo'l,

Deydi, hozir bola payting.

Men mustaqil yurmoqchiman,

O'z holimga qo'ysin, ayting...

 

Menimcha shu: hamma ishni

Bolalikdan boshlash kerak.

Katta-katta orzu bilan

Katta qadam tashlash kerak!

 

Muhammad Yusuf

Bodring

Bodring der: - Diring-diring,

Polizga kirib turing.

Polizga kirgan chog'da,

Palagim bosmay turing.

 

Men ham sizday bolaman,

Qovoq solib olaman.

Palagimni bossangiz,

Achchiq bo'lib qolaman.

 

Ravshan Fayz

Kuz ko'rinishlari

Saratonning tafti yo'q,

Quyosh boqar olisdan.

Ajib bir is taralar

Hov, qirdagi polizdan.

 

Daraxt bargi tillarang,

Mevalardan tomar bol.

Dalalarga bir qarang,

Oq gullardan chamanzor.

 

Sunbulaning suvlari

Shishadan ham tiniqroq.

Uchib borar turnalar,

Ko'kda solib arg'imchoq.

 

Yig'im-terim avjuda,

Bir dam qolmas to'xtalib.

Hademay qish yo'rg'alar

Oq ko'rpasin ko'tarib.

 

Habib Rahmat.

Yoz yomg'iri

Sho'x boladay tomlari

Daranglatib chaldi u.

To'q emaskan iligi,

Darrov charchab qoldi u.

 

Ko'rk berdi tabiatga

Yomg'irvoyning shox'ligi,

Chor-atrofga qarasang,

Olam biram ko'hlikki!

 

Daraxtlarning egnida

Sanoqsiz tomchi - billur.

cho'milishgan maysalar

shivirlashdi: "Tashakkur!"

 

Spdoqjon Inoyatov

Varrak qo'shig'i

Qanotsiz ham ucha olaman,

Osmonlarni qucha olaman.

Varrak emas,

Men yosh do'stimning

Yuragidan - asov bolaman.

Xafsalangga balli, qadrdon,

shamol,

senga tashakkur ming bor.

salom, Quyosh,

Salom, Ona-yer,

Salom, Navro'z,

Salom, Navbahor!

 

Abdurahmon Akbar.

Ko'k somsa

Kelganda Navro'z,

Ismaloq, yalpiz

Terib biz - uch qiz,

Keltirdik uyga.

 

Suyub o'pdilar,

Oyim chopdilar,

Somsa yopdilar.

To'ydik xushbo'yga.

 

Qilib biz maza,

Yedik ko'k somsa,

Der ukam Hamza:

-Uy o'xshar to'yga.

 

Inobat Boboqulova

 

Lola

Lola bog'chaga chiqib,

Kechga qadar gul terdi.

Etak-etak to'pladi,

Har kungidan mo'l terdi.

 

Sochiga gul bog'ladi,

Chakkasiga taqdi gul.

Yelkalaridan tashlab

Gulga ko'mildi butkul.

 

So'ngra uyga keldi-yu,

Birpas yotib dam oldi.

Kiprigi yumildi-yu,

Gul kabi uxlab qoldi.

 

Hamid Olimjon

Boychechak

Kun ketidan kun o'tar,

Tun ketidan tun o'tar.

Keldimi deb gulbahor,

Hamma yo'lga ko'z tutar.

 

Yumshoq yerdan yumilib,

Tong nuriga cho'milib,

Lulib chiqar boychechak,

Olqishlarga ko'milib.

 

Ochildimi boychechak,

endi har yon gul, demak,

Chunki bahor elchisi - 

Shu mitti gul - boychechak.

 

Shukur Sa'dulla

Binafshani sog'indim

Binafshaning isini

Sog'indim qish kunida.

Uning inja husnini

Sog'indim qish kunida.

 

Tezroq bahor kelsaydi,

Binafshani ko'rsaydim...

Tezroq bahor kelsaydi,

Binafshani tersaydim...

 

Biroq bahor ko'pincha

Kelar sekin, imillab.

Biroq bahor kelguncha,

Yer qolar sal qimirlab.

 

Chunki uniing bag'irda

Nafas olar binafsha.

Hademay qish qa'ridan

Chiqib qolar binafsha.

 

Aziz Abdurazzoq

Kapalak qo'shig'i

Qo'y ham bordi yaylovga,

Men ham bordim yaylovga.

Qo'yning ko'si pechakda,

Mening ko'zim chechakda.

Qanotlarim pirpirak.

 

Toy ham bordi dalaga,

Men ham bordim dalaga.

Toyning ko'zi dalada,

Mening ko'zim lolada.

Qanotlarim pirpirak.

 

Anvar Obidjon

Momaqaymoq

Momaqaymoq - moh, dedim,

Paxtaday yumshoq, dedim.

Hurpayib turganida

Kerakdir, o'rtoq, dedim.

Sekin borib "pox" desam,

Momiqgul cho'chib ketdi.

Men uning g'amin yesam,

U shoshib ko'chib ketdi.

 

Ravshan Fayz

Bahor raqsi

Sitora tom boshida,

Nog'ora yonboshida.

Chakkasida qizg'aldoq,

Qulog'ida oybaldoq.

Tezroq keling, qizchalar,

Ra'no chanqovuz chalar.

Buncha yoqimli ohang,

Nog'araga hamohang.

Bjov-bjing, chakira-chak,

Bjov-bjing, takira-tak!

 

Nurulla Oston

Inson beshigi

Bulbul beshigi - bog'da,

Burgut beshigi - tog'da.

Inson beshigi esa

Shu muqaddas tuproqda.

 

Bulbul bog'ni o'ylaydi,

Bulbul bog'dan so'ylaydi.

Latif ovozi ila

Ishq rozini kuylaydi.

 

Burgutga tog' maskandir,

Burgut tog'da o'sgandir.

Bag;ri tosh kabi qattiq,

Zabti ko'kni to'skandir.

 

Inson ham bog'ni kuylar,

Inson ham tog'ni kuylar.

Bir gul kabi ardoqlab,

Ona-tuproqni kuylar...

 

Temur Ubaydullo

Yurt posboni

Xizmat qilar qo'shinda

Mening jasur, amrd akam.

Akam borki, ko'nglim to'q

Chegaramiz mustahkam.

Vatan tinchligin asrash

Har yigitning burchidir.

Matonatli askarlar

Yurtning obro', kuchidir.

 

Abdurahmon Akbar

Ona tilim

Alla bo'lib jaranglagan

Ona-tilim - jon-u dilim.

Unga, axir, payvastadir

Qadr-u qimmat, mehr, bilim.

Buyuk Temur jahon bo'ylab

Dovrug'ini solgan tilim.

Mir Alisher bobomlardan

Meros bo'lib qolgan tilim.

Bobur Mirzo she'rlaridan

Rang va ohang olgan tilim...

Ona-tilim - jon-u dilim.

 

Tursunboy Adashboyev

O'zbekiston gerbi

O'zbekiston gerbida

Qanot yozgan Humo qush.

Chanoqlarda oq paxa-

Olam elim etar xush.

Quyosh bobo nurida

Oltin boshoq tovlanar.

Tengsiz, saxiy ona-yer

Bir maromda aylanar.

Ramzi porloq - hur bayroq

Birdamlikka chorlaydi.

Peshtoqida oy, yulduz

Kecha-kunduz porlaydi.

 

Valijon Ahmadjon

O'zbekiston bayrog'i

Havorang, oq va yashil,

Bordir qizil belbog'i.

Shuning uchun chiroyli

O'zbekiston bayrog'i.

 

O'n ikki baxt yulduzi

O'ziga xo'p yarashar.

Unga dunyo xalqlari

Havas bilan qarashar.

 

Mustaqil yurt, deb atar

Yer yuzining har yog'i.

Bizga juda mo'tabar

O'zbekiston bayrog'i.

 

Narimon Orifjonov

Oltin shu'la

Vatanim osmonidan

Quyosh kulib boqadi.

Uning oltin shu'lasi

Bog'larga gul taqadi.

 

Men ham nihol qadadim,

Parvarishlab qaradim.

Gulbog'imni bezashga

Bu-birinchi qadamim.

 

O'rinboy Qo'ldoshev

Shunday o'lkam bor

O'lkamning dalalari

Qucho'giga tortadi,

Bag'rini kezgan sari

Unga mehrim ortadi.

 

Vatanimning bog'lari,

Oyna-bulog'i go'zal,

"O'q oltin"dan tog'lari,

Uning haryog'i go'zal.

 

Yayarayman quchog'ida,

Shodlikdan ko'kda boshim.

Gul unar tuprog'ida,

Bosh uzra yoz quyoshi...

 

Barot Isroil 

Aytishma o'yinlar

tutma, tutma, tutma,

Sen meni tutma, tutma.

Orqangdan bo'ri kelsa,

Nonni chaynamay yutma.

 

***

Ergash, ergash, ergashamiz,

Hoy, o'rtoqjon, hushyor bo'l!

Ergash nima ko'rsatsa, biz

Takrorlaymiz, qani, bo'l!

 

***

Agar hushyor bo'lsangiz,

Yig'lamasdan kulsangiz,

Tarqalishib ketdik biz,

Izlab-izlab toping siz.

 

***

- Qamar, Qamar qamchini,

Qovurg'aning yanchini.

Oq terakmi, ko'k terak?

Bizdan sizga kim kerak?

 

***

O'qituvchi keldi,

Jurnalni ochdi.

Bir - yomon,

Ikki - yomon,

Uch - yomon,

To'rt - yaxshi,

Besh - a'lo.

Olti  - otaloq,

Yetti - yetaloq,

Sakkiz - chaqaloq,

To'qqiz - to'qaloq,

O'n - haykal,

Qotmaganlar - kal!

 

***

Besh tosh otdim uzoqqa.

Borib tushdi tuzoqqa.

Besh toshimni ololmay,

Endi jonim qiynoqda.

 

Aldab-aldab boplandi,

Boplandi-yu, toblandi.

Bo'ldi, men ko'p o'ynadim,

O'yindan chiqib ketdim.

 

***

Yoshim yettiga yetdi,

Endi maktab boraman,

Onamni quvontirib,

Besh bahoni olaman.

Bir, ikki...o'n oldi...

O'n olti deb kim aytdi.

O'n oltini sanaguncha,

Tishim bir tushib chiqdi.

 

Guldur-guplar

Chori chambar?

Biri anbar

Ona qiz qayda?

Ola-bula tog'da.

Tog'man, zuvman,

Kumush bolg'a,

Onaboshi, yonbosh,

Guldur-gup.

 

Guldir-gup!

Og'zimga soliq qulip.

Mendan oldin kim gapirsa,

Og'ziga bir arava chivin, xip!

Dim-dim,

O'ra ko'mdim.

Gapirganning og'ziga

Bir shapaloq urdim.

Qiziqmachoq

Yo'ldan topdim bir qamchi,

Uni berdim bir cholga,

chol menga ipak berdi,

Ipakni qizga berdim,

Qiz menga ro'mol berdi.

Ro'molni suvga berdim,

Suv menga baliq berdi.

Baliqni boyga berdim,

Boy menga tariq berdi.

Tariqni tovuqqa berdim,

Tovuq menga tuxum berdi.

Tuxumni o'tga ko'mdim,

Paq etdi, shaq etdi,

Torildi - ketdi.

 

Laylak

Laylak kelsa, yoz bo'lur,

Qanoti qog'oz bo'lur.

Laylak boradi tog'ga,

Quloqlarida halqa,

Halqasi tushib qopti,

O'rtoqjon, uni top-chi?

Laylak, nog'orangni chal!

Qizlar o'yinga tushsin.

Ukamning so'zlari bor:

-Laylak balandroq uchsin!

 

O'zbek xalq og'zaki ijodi.

Yetdik Navro'zga

Omonlik, hey, omonlik,

Yetdik Navro'zga.

Unutilsin yomonlik,

Qut ber rizq-ro'zga.

 

Yurtga tinchlik so'rayman,

Olamga chiroy.

Shu ayyomni qutlay deb,

Undurdim bug'doy.

 

Sumalak - bir bahona,

G'animat diydor,

Shu urfimiz shohona,

Oqibatda yor.

 

Xudoga ming shukrkim,

Yetdik Navro'zga.

Maysa o'sibdi durkun,

Suray men ko'zga.

 

O'zbek halq og'zaki ijodi.

Oq ayiq

Oq ayig'im, oq ayiq,

Qor kabi oppoq ayiq.

Hansiraydi, oftobga - 

Tobi yo'q, chanqoq ayiq.

Oq ayig'im, oq ayiq,

Qor kabi oppoq ayiq.

Chanqog'ingni bosib ol,

Mana, muzqaymoq, ayiq.

Qulog'i ding, ayiqvoy

Ochdi birdan ko'zini:

-Qaymog'ini o'zing ye,

Bergin menga muzini!

 

Qutbi Nosirova

Kenguru

Lapashang, deb o'ylamang,

Bo'lmasa-da nishoni,

U hakkalab chopishda

Hayvonlar "chempioni"!

 

Qutbi Nosirova

Toshbaqa

endi uch yuzga kirdim,

Hali men yoshman.

shoshmayman, tashvishim yo'q,

Chunki men toshman.

 

Asqad Muxtor

Qirqoyoq va qirq paypoq

-Qiroyoqjon, - debdi Fil,

-Oqshom mehmonga kelgil,

To'kib ko'ngilda borin,

Yozaylik dil xumorin.

 

Qirqoyoq "ma'qul" debdi,

Tez yo'l g'amini yebdi.

Yuvibdi qirq oyog'in,

Kiyibdi qirq paypog'in.

 

Shippaklarin artibdi,

Xush ko'rarkan tartibni.

Vaqt-chi, o'tibdi chaqqon.

Yo'lga chiqquncha "mehmon",

 

Filboy kutib tolibdi,

Oxir uxlab qolibdi.

 

Solijon Xudoyorov

Pingving

Pingving xola pazanda

Piyoz-sabzi qozonda.

Peshin palov pishsin deb.

Ish boshlagan azonda.

 

Dilshod Rajab

Delfin

Delfin mohir dengizchi,

Dono, aqlli biram.

Dengizda cho'ksa birov.

Darrov beradi yordam.

 

Dilshod Rajab

Terak

Men terakman,

terakman.

Men hammaga 

Kerakman.

Osmon mening

Yelkamda.

Men olamga 

Tirgakman.

 

Erkin Vohidov

Archa

Men archaman

archaman.

Men xursandman

Barchadan.

Atrofimda 

Aylanib,

Hech chachamang,

Charchamang.

 

Erkin Vohidov

Qarag'ay

Bo'yin cho'zib

Qarag'ay,

Yon-atrofga

Qaragay.

Der u:

- Barcha daraxtdan

Baland akang

Qarag'ay.

 

Erkin Vohidov

Karim qizg'anchiq

Karimjonga dadasi

Koptok keltirib berdi.

O'rtoqlari yolvorib:

-Birga o'ynaylik, - derdi.

-Ho, ho, eskib qolsinmi?

O'ynamayman siz bilan.

 

Do'stlari arazlashib,

Ketib qolishdi birdan.

Yolg'iz qolib Karimjon,

Qilar endi pushaymon.

 

Ahmad Olimiy

Qanday yaxshi

Oyimga ham, dadamga ham

Doim kulib boqaman.

Oyimga ham, dadamga ham

Juda-juda yoqaman.

Ko'chamizdan o'tganlarga

Salom beraman kulib.

 

Qani, hamma shunday qilsa,

Yurmasa qovoq uyib.

Odamlar ham bir-biriga

Faqat kulib qarashsa.

Qanday yaxshi, kimdir-kimga

Shodligini ulashsa.

 

Kavsar Turdiyeva

Ninachi

Bog'da uchar ninachi,

Gulni quchar ninachi.

Biram chiroyli, qarang,

Qanotlari rang-barang.

 

Shisha kabi ko'zi bor,

Yum-yumaloq yuzi bor.

Bog'ni kezib yuradi,

Guldan sharbat so'radi.

 

Yozganda ikki qanot,

Xuddi ko'kda samolyot.

Juda beozor o'zi,

Attangki, gung, yo'q so'zi.

 

Ovunchog'im ninachi,

Sen-quvonchim, ninachi.

Bog'imizda uchib yur,

Gullarimni quchib yur!

 

Shukur Sa'dulla

Kapalak

Hoy, kapalak, kapalak,

Qanotlaring ipakdak.

Muncha shoshib uchasan,

To'xta, so'zlayin andak.

 

Uchrataman har kuni

Seni go'zal bog'chamda.

So'rib gullar sharbatin

Oltirasan olchamda.

 

borib ushlay deganda,

Shoshib, darhol uchasan.

Sira tutqich bermasman,

Guldan-gulga ko'chasan.

 

Mendan aslo qochmagin,

Do'st bilaman o'zimga.

Pildir-pildir uchishing,

Oh, yoqadi ko'zimga.

 

Zafar Diyor

Tol

Ko'chamizda tol ekdim,

Katta bo'lsin o'ssin deb,

Oftob chiqib bo'lsa dim,

Soya qilsin to'ssin deb.

 

Tolim juda kichkina,

Qo'l tegdirmang, bolalar.

Po'stlog'ini echkiga

Hech yedirmang, bolalar.

 

Bu tol mening tolimmas,

Sizlarning ham tolingiz.

Suv quyishib basma-bas,

Parvarishlab qolingiz.

 

Soyasida ko'p odam

Rohat qilsin deganman.

Xuddi shuning uchun ham

Yo'l chetida ekkanman.

 

Aziz Abdurazzoq 

Chumoli polvon

Chim ustida chumoli,

Yurar darboz misoli.

Turar har kun ertalab,

Langar cho'pin yelkalab.

Kun bo'yi yuk tashir.

Tartib bilan birma-bir.

Saf tortgan qator karvon,

Yasha, chumoli polvon!

 

Dilfuza Kamoljonova

 

Salom, chumoli

So'qmoqda bir chumoli

Deydi: Tashlang, qadamlar.

Ammo do'stlarimni siz

Bosa ko'rmang odamlar!

Har biringiz ulardan

Kattaroqsiz minglab bor...

 

-Tashvishlanma, mittivoy,

Do'stlaring chekmas ozor!

Guz uzra asalari,

Aylanar ninachilar!

Gulxayri ham ochildi.

Kumush shabnamlar kular.

 

Ariq bo'yida toshda

Bir kaltakesak yotar.

Chumchuqlar yonidan

Birma-bir uchib o'tar.

Har birimiz kattamiz

Chumolilardan ming bor.

 

Tashvish chekma mittivoy,

Do'stlaring chekmas ozor.

 

Raim Farhodiy

Parishonxotir timsoh

-Ha, yo'l bo'lsin, Timsohvot?

-Do'konga borgan edim.

Bolalarga marmelad, limonad,

Murabbo olgan edim.

-Qani o'sha narsalar,

Timsoh botir?

-Yedim-qo'ydim,

Shirin ekan-da, ahir...

 

Raim Farhodiy

Achchiq choy

-Menga ham ishbuyuring,

Bobojonim, jon bobo.

-Siz mayli, choy keltiring,

Achchiq bo'lsin-u... ammo...

 

Dasturxonga Salimjon

Bir choynak choy keltridi.

So'ngra o'zi yonma-yon

Bobo bilan o'tirdi.

 

Choyning ta'mini ta'tib,

Bobo so'radi, hayron:

-Choyingiz ko'p g'alati,

Ko'p qiziq-ku, Salimjon?

 

-So'zingizni bobojon

Qulog'imga olganman,

Choy achchiq bo'lsin uchun

Garimdori solganman.

 

Shuhrat Otabek

Uloqcha

Sakrab yurar uloqcha,

Bo'ynida qo'ng'iroqcha.

Uloqchaga suv berar

Tol tagida buloqcha.

 

Uloqchaning fe'lidan

Qo'rqib turar nihollar.

Sindirma, deb niholni,

Quvlab qolar shamollar.

 

Qarang echki xolani

Shoxni, suzib kelar.

- Urishma, - deb, - bolamni, - 

Ko'chani buzib kelar.

 

Dikirlama, uloqcha,

Bebosh-u bequloqcha!

Yaxshi gapga kirmasang,

Suv bermaydi buloqcha!

 

Oydin Hojiyeva

Jo'ja

Jo'jalar juda qiziq,

Oyoqlari qiltiriq.

Chiqishibdi tuxumdan,

Oppoq kichkina xumdan.

"Chip-chip" deya so'zlashar,

Oyisini izlashar.

Tovuq so'zin uqishdi,

Yerdan uvoq cho'qishdi.

 

Po'lat Mo'min

Nonga to'lsin olam

Non yopdilar

Novvoy xolam,

Nonga to'ysin

Deya bolam.

Hosilga mo'l

Bug'doy dalam,

Nonga to'lsin

Bu olam.

 

Po'lat Mo'min

Sodiq do'st

Alishaylik, og'ayni,

Senga beray qayiqni.

Sen-chi, menga berasan,

Huv, o'yinchoq ayiqni.

Og'aynim-chi, norozi,

So'zlaydi-yu, kulmaydi:

"Ayiq - do'stim. Do'stlarni

Almashtirib bo'lmaydi".

 

Kavsar Turdiyeva

Mehmon

Eshigimiz taqillasa,

Deymiz: - Mehmon!

Hozirdanoq mehmonlarga

Biz mehribon.

Dasturxonni yasatamiz:

Oling-oling!

 

Kech kirsa-ku, jildirmaymiz:

-Yotib qoling.

Bizning uydan doim mehmon

Arimaydi.

Bag'ri ochiq kishilar hech

Qarimaydi.

 

Tolib Yo'ldosh

Shirmoy non

Oyim yopar shirmoy non,

Men ham qarab turmayman,

Gul solaman xamirga,

O't yoqaman tandirga.

 

Mehnat qilgach, albatta,

Sindirib katta-katta - 

Yeyilganda shirmoy non,

Men ham qarab turmayman.

 

Yusuf Shomansur

Yog', yog'aver, oppoq qor

Yog', yog'aver, oppoq qor,

Yog'ishingga ko'z tikib

Oqshom-u tonglar takror

Ko'kka boqdik entikib.

 

Yog', yog'aver, oppoq qor

Chang'i-chanamiz tayyor.

So'ng o'ynaymiz qor bo'ron,

Vaqtimiz ketmas bekor.

 

Yog', yog'aver, oppoq qor

Eshik qoqmoqda bahor.

Butun borliq yashnasin,

Yog'aver takror-takror.

 

Do'stjon Matjon

Ona-tabiat

Qish der: - Kumush qorim bor,

Qorbobo yasang!

Bahor der: - Gulim ko'rkam,

Guldasta yasang!

Yoz der: - Suvim beg'ubor,

Suz baliq misol!

Kuz der: - Mevam, bolim bor,

Bari senga, ol!

Demak, ona-tabiat

Bizni der har vaqt.

 

Toshpo'lat Xolmatov

Bog'da

Bog'chamizning bog'ida,

Olma, nok shig'il pishdi.

Biz -bolalar yesin deb,

Shoxidan yerga tushdi.

***

Ishkomda ko'p uzuzmlar,

Osilib turar arang.

Cho'zilib olay desam,

Bo'yim sal yetmas, qarang.

 

A'zam Naziriy

Paxta

Chanoqlarda

Oppoq paxta

Kulib turar,

Qanday baxt-a!

 

Erkalanib

Tebranadi,

Yal-yal yonib

Tovlanadi.

 

-Rahmat senga,

Aziz dehkon.

Uyding bizdan

Ulkan xirmon.

 

Mehnatingdan

Oltin bo'ldik,

Chanoqlarga

Lim-lim to'ldik.

 

Asom Ziyomat

Kuz

Yana xazonrezgilik,

Bog'lar rangi siniqdi.

Dilda hokim ezgulik,

anhorda suv tiniqdi.

 

Oq ko'ylakli qayinlar

Taqdi yana zar baldoq.

Qushlarga gap tayinlab,

Chag'-chag'laydi zarg'ildoq.

 

Ufq orti lolagun,

Daraxtlardan rang olar.

Xayrlashib kuz bugun,

Sochlar oltin tangalar.

 

Tursunboy Adashboyev

Sho'x shamol

Sho'z shamol bog'ga kirib,

Rosa qildi to'polon.

Daraxtlarni silkitib,

Olma qoqdi bearmon.

 

Ishi zarur ekanmi,

Vaqti bitib qolibdi.

Birorta ham olmani,

Olmay ketib qolibdi.

 

Ma'mur Qahhor

Tongda

chumchuq, chittak chirqillashib

Tong yuzini ochganda,

Chiymon tog'ning qir uchida

Quyosh nuri o'ynaydi.

 

Yumshoq shamol keng dalaga

O'ynab-o'ynab oqqanda,

Oq chechaklar chehrasiga

Marvariddan xol qo'ydi.

 

Quddus Muhammadiy

Birinchi iyun

-Bilag'on, deb atashar

Do'stlaring seni, Suyun.

Top-chi, qandya kun o'zi,

Deylik, birinchi iyun?

 

- O'sha kuni ta'tilga

Chiqishadi bolalar.

Farzandlarin hordiqqa

Jo'natadi xolalar.

 

- Aytganlaring-ku to'g'ri,

Bilib ol yana shuni,

Birinchi iyun, jo'ra,

Yozning tug'ilgan kuni!

 

Abdurahmon Akbar

Chuchmoma

Chuchmomajon, chuvlab chiq,

Dala-dashtdan duvlab chiq.

Men chanqadim, chanqadim,

Lablaringni suvlab chiq.

 

Chuchmomajon, iyib chiq,

O'jarliging tiyib chiq.

Uzuzn-uzun ulama

Oq ko'ylaging kiyib chiq.

 

Chuchmoma chopib chiqdi,

Xushxabar topib chiqdi.

Xabarin aytmasdan,

Yuzlarin yopib chiqdi.

 

So'ng yuz ochib, suv, dedi.

Dangasaga suf dedi.

Har kun turib erinmay,

Yuz-qo'lingni yuz, dedi.

Ravshan Fayz

Yomg'ir yog'ar

Yomg'ir yog'ar shitir-shitir,

Nedir so'zlar shivir-shivir.

O'yinqaroq qushlar jimdir,

Yomg'ir yog'ar.

 

Osmon - borliq sokin turar,

Dov-daraxtlar xayol surar.

Xayol surar ham cho'milar,

Yomg'ir yog'ar.

 

Bu dam atrof nimrang tusda,

zavq beradi ko'rgan ko'zga.

Ajib fayz bor dala-tuzda,

Yomg'ir yog'ar.

 

Bu yomg'irim yerga sutdir,

Har tomchisi boylik0qutdir.

To'ysa dalam, hosil butdir,

Yomg'ir yog'ar...

 

Habib Rahmat

Navro'z - bahor bayrami

Doirani chaling, jon momo,

Doirani chaling, jon momo,

O'yin tushsin qiz bola,

Qiz bolaning sochiga

Yarashibdi chuchmoma.

 

Somsa yopdim yalpizdan,

Omonlik-e, omonlik,

Yuz navro'zni o'tkazgan

Momolarga beraylik.

 

Navro'z kuni, qizlarjon,

O'sma bargin teraylik.

Sochga taqib gul-marjon,

Qoshga o'sma qo'yaylik.

Bahor

Keldi bahor, gul bahor,

Erib bitdi oppoq qor.

Uchib keldi qushlarjon,

Daraxtlar taqdi marjon.

 

Suvlar oqar shildirab,

Yulduz boqar miltirab.

Chumolilar yayrashar,

Sho'x bulbullar sayrashar.

 

Shukur Sa'dulla

Navro'zim

Bog'lar - daraxtlarniki,

Tog'lar - lolalarniki.

Kim nima desa-desin,

Bayram - bolalarniki,

Bayram - bolalarniki.

 

Bog' bahorsiz qolmasin,

To'kmasin tog' lolasin.

O'zbekiston bag'rida 

Navro'zlar omon bo'lsin,

Navro'zlar omon bo'lsin.

 

Navro'z, navro'z, navro'zim,

Sen mening ko'rar ko'zim,

Sen mening aytar so'zim,

Sen mening xuddi o'zim,

Sen mening yorug' yuzim.

 

Shukur Qurbon

Boychechak

Gunafshadan o'zishga

Yuguribsan, boychechak.

Undan erta chiqishga

Ulguribsan boychechak.

 

Umring qisqa bo'lsa-da,

Turmasang-da kuzgacha,

Ko'klamni boshlab kelding,

Senga mehrim o'zgacha!

 

Yo'ldosh Sulaymon

Ko'klam qo'shig'i

Bugun kurtak

O'qir ertak:

-Bahor keldi,

-Bahor keldi.

 

Sochi tol-tol

Silkinar tol:

-Bahor keldi,

-Bahor keldi.

 

Sho'x qaldirg'och

Sayrar g'och-g'och:

-Bahor keldi,

-Bahor keldi.

 

Tojdor turna

Chalar surnay:

-Bahor keldi,

-Bahor keldi.

 

Jilg'a quvnab,

Oqar kuylab:

-Bahor keldi,

-Bahor keldi.

 

Hammadan ham

Biz shod, xurram:

-Bahor keldi,

-Bahor keldi.

 

G'ulom Shomurodov

Kuyga to'lsin ona-Vatan

Mening dostim, qushchalar siz

Kuyni buncha xush chalarsiz?

Bahor keldi, uchib keling,

Bog'chamizga ko'chib keling.

 

Keling, keling, sayroq qushlar,

Qo'shiqlari yangroq qushlar.

Kuyga to'lsin bu bog', gulshan,

Kuyga to'lsin ona-Vatan.

 

Ergash Raimov

O'zbekistonim

Aziz o'lkam, o'zing ko'rkam,

Chinorlaring bizdek o'ktam.

Tosh ham gullar tuprog'ingda,

Mehring qaynar bulog'ingda.

 

Qo'li ochiq bog'laring ko'p,

G'aznaga kon tog'laring ko'p.

Yashnamoqda qishloq, shahring,

Yaxshilikka to'liq bag'ring.

 

Osmoningdan, o'tlog'ingdan,

Paxtaoydek oppog'ingdan.

Rang olgandir bayrog'ing ham,

Aziz o'lkam, o'zing ko'rkam!

 

Anvar Obidjon

O'lka

Bog'laringni sayr etganimda,

Sen boreding qalbda, Vatanim.

Bog' husniga she'r bitganimda,

Uni dastlab senga atadim.

 

Minglab tilda madhingni so'zlar,

Bunda o'sgan har bitta daraxt.

Nur emadi millionlab ko'zlar,

Ko'kdan sening husningga qarab.

 

Jilmayadi o'zida yo'q shod,

Yangi oy ham ketmay qoshingdan.

Etak-etak olib koinot,

Yulduzlarin sochar boshingdan...

 

Erkin Vohidov

 

Maqollar

Ota-bola - bir bog'.

Biri-gul, biri-bog'bon.

***

Bola-xizmatda,

Ota-izzatda.

***

Onangga boshingni xam qilm

Otangga gapingni kam qil.

***

Axloq-odob-baxt,

Sabr-toqat-taxt.

***

Odob-kishining zeb-u ziynati.

***

Mehnat qilsang-boylik,

Turmushing ham chiroylik.

***

Hunarli kishi xor bo'lmas,

Do'st-dushmanga zor bo'lmas.

***

Daryo tarmog'i bilan,

Odam o'rtog'i bilan.

***

Non bolasi-non ushoq.

***

Non yemoqchi bo'lsang,

O'tin tahishdan erinma.

***

Oltin-kumushning eskisi bo'lmas,

Ota-onaning bahosi bo'lmas.

***

Ona kulsa, xona to'lar,

Ota kulsa, g'aming ketar.

***

Do'stning bo'lsa,

Bog'ing chamandir.

***

Do'stingga qo'shiq ayt,

Mehringni qo'shib ayt.

***

Bilimliga dunyo yorug',

Bilimsizga qorong'i.

***

Bilim-kuchda,

Kuch-bilimda.

***

Vatani borning baxti bor,

Mehnati borning-taxti.

***

Vataning tinch-sen tinch.

***

Otalar so'zi-aqlning ko'zi.

***

Otangni quyosh bilsang,

Onangni oy bil.

***

Odob va fazilatning boshi-til.

Odobsiz til juda yomon, bil.

***

Bir boshoq don-bir savat non.

***

Do'st so'zini tashlama,

Tashlab, boshing g'ashlama.

***

Do'sting ming bo'lsa ham-oz,

Dushmaning bir bo'lsa ham-ko'p.

***

Bilim baxt keltirar.

***

Olim bo'lsang olam - seniki.

***

Ahil ishlasang ish unar,

Har mushkul oson bo'lar.

***

Kattaga hurmatda bo'l,

Kichikka izzatda bo'l.

***

Nonsiz yashab bo'lmas,

Gapni oshab bo'lmas.

***

Daraxt ildizi bilan kuchli,

Odam - do'stlari bilan.

***

Daraxt yaprog'i bilan ko'rkam,

Odam - mehnati bilan.

***

Daraxtdan meva olaman desang,

Niholligida parvarish qil.

Tez aytishlar

Pirpirak pirillaydi,

Chirildoq chirillaydi.

 

***

 Sava saharda sadada sayraydi.

 

***

 Oq choynakka oq qopqoq,

Ko'k choynakka ko'k qopqoq.

 

***

 Qurilishda terak kerak,

Demak, ekmoq kerak terak.

 

***

 Sodiq Sidiqqa soat sotdimi?

Siddiq Sodiqqa soat sotdimi?

 

***

Qor koptogim qotib qoldi,

Qorga otsam yotib oldi.

 

***

Katta-katta ko'zmunchoq,

Ko'ylagimga ko'rk munchoq.

 

***

Silliqqina sirpanchiq,

Sirpan sezmaysanm sovuq.

 

***

Mana suvni muzlatdim,

Muzlashini kuzatdim.

 

***

Savatdagi sariq sabzi

Sarg'ayibdi, so'libdi.

Saodat-chi, sabzilarni

Suvga solib qo'yibdi.

 

***

Tez aytgin-u tez gapir,

Tez aytganda bir patir.

 

***

Qishda kishmish pisharmush,

Pishsa kishmish, qishmasmush.

 

***

Non yasashasizmi,

Sholi sanashasizmi?

 

***

Bir tup tut,

To'rt tup turp.

 

***

Qo'ng'iroq qo'ng'irchoqnikimi, qo'zichoqnikimi?

 

***

Olma shoxida olmaxon,

Olmaxonni olma, Olmaxon!

 

***

Turg'un to'rtta to'rg'ayni to'rga tushirdi.

 

***

Olim Olimadan olma oldinmi?

Olima Olimdan olma oldinmi?

 

***

Tursun tog'am tovug'ining tuxumini tarozida tortmoqda.

 

***

Oq ot oq o't yeydi,

Ko'k ot ko'k o't yeydi.

 

***

Tohir tog'a tog'da tulki tutdi.

 

***

Boqining baqlajoni baq-baqaloq.

 

***

Halimani sanama,

Salimani sana.

 

Sanamalar

Paraxod qatnaydi, qatnaydi,

Haftani sanaydi, sanaydi.

Dushanba, seshanba,

Chorshanba, payshanba,

Juma, shanba, yakshanba,

Tezroq qochgin,

Anqayma!

 

***

 

Chumchuqcha uyga kirdi,

Ochilcha uni quvdi.

Hoy, chumchuq, mana eshik,

Qani, tezroq uchib chiq.

Bir, ikki, uch, to'rt,

Besh, olti, yetti...

Chumchuqcha uchib ketdi!

 

***

 

Bir, ikki, o'n olti...

-O'n olti, deb kim aytdi?

-O'n olti, deb men aytdim.

Ishonmasang, sanab boq:

Birov,

Ikkov,

Uchov - Qochov!

 

***

 

O'n, yigirma,

O'ttiz, qirq,

Ellik, oltmish,

Yetmish, sakson

To'qson, yuz,

Yuzga kirgin, 

Oppoq qiz!

O'yin qo'shiqlari

Chori chambar,

Biri anbar.

Ona qiz qayda?

Ola-bula tog'da.

Tog'man, zuvman,

Pilkash to'tiqiz,

San tur,

San chiq.

 

***

 

Qovun palak

Guvak otdi,

Guvak emas,

Chuvak otdi.

Chuvak qovun

Shirin ekan,

Safdan chiqsin,

Qo'lim tekkan.

 

***

 

Xurmacha bog'i,

To'kildi yog'i,

To'kilsa, mayli,

Qo'shnimizning iti bor,

Qulog'ida biti bor.

Xola, xola,

Xash, tu-tu.

Xash, tu.

 

***

 

Men o'tirdim,

Kashta tikdim.

Voy, qo'lchamga

Suqildi igna,

Jaq-juq,

Jaq-juq,

Sen tur,

Sen chiq.

 

***

 

-Oppoq-oppoq, oq ko'rak,

Ko'm-ko'k, ko'm-ko'k. ko'k ko'rak,

Bizdan sizga kim kerak?

-O'zi a'lo o'qiydi,

Tartibli ham odobli.

Hammani sevar,

Tikishda chevar.

Barchadan chaqqon,

Hammaga yoqqan,

Go'zal Ozoda kerak.

 

***

 

Sohibjamol uydan chiqsa,

Hammani qaratadi.

Oq terakmi, ko'k terak,

Bizdan sizga kim kerak?

-Jilmayibgina turgan

Bo'tako'z Zumrad kerak.

 

***

 

Opa, opa, anjir,

Darvoza zanjir.

Darvozani ochinglar,

Cho'lga qarab qochinglar!

Cho'lning yo'li keng ekan,

Bizni tutib olinglar!

Qurbaqajon

- Qurbaqajon, qurbaqa,

Afting nega bunaqa?

- Suv ichida ko'p yurdim,

Aftim bo'ldi shunaqa.

- Qurbaqajon, qurbaqa,

Oyog'ing nega bunaqa?

- Kovush-maxsi kiymadim,

Shunga bo'ldi shunaqa.

- Qurbaqajon, qurbaqa,

Ko'zing nega bunaqa?

- Men ko'zoynak taqmadim,

Shuning uchun shunaqa.

Laylak keldi

Laylak keldi, yoz bo'ldi,

Qanoti qog'oz bo'ldi.

Laylak boradi tog'ga,

Qoloqlarida halqa,

 

Halqani obqochaylik,

El boshiga sochaylik.

Elning murodi kulsin,

Laylak balandroq uchsin!

Yana bahor keladi

Ketgan qo'shlar uzoqdan

Yana bizga qaytadi.

Kurtak ochgan shoxlarda

Sayrab qo'shiq aytadi.

Qaldirg'och

Qaldirg'och qayib uchar,

Qanotin yoyib uchar.

Navro'zda qozon to'lsa,

Elimizni baxt quchar.

Boychechagim

Boychechagim hillolik,

Hamyon-hamyon tillolik.

Hamma bozor - bir bozor,

Tevarak-cheti lolazor.

Navro'z keldi

Navro'z keldi, yoz keldi,

Turna keldi, g'oz keldi.

Yam-yashil chorbog'lardan

Bulbulday ovoz keldi.

 

Navro'z keldi bu kecha,

Pishiring navro'z go'ja.

Go'jasi shirin momolarga

Beraylik bir juft jo'ja.

Beshik qo'shiqlari

Alla qo'zim, qunduzim, alla,

Orom ol, qo'zim alla...

Oyni olib beraymi?

Gullar terib beraymi?

Atrofingda aylanib

Shamol bo'lib yelaymi?

Asalimga atalgan

Beshiklari gul taxta.

Uxlab bir orom olgin.

Yelkang muloyim - paxta.

Alla bolam, ol bolam,

Gapga quloq sol, bolam.

Alla aytsam uxlagin

Tillari asal bolam.

 

***

 

Dilrabo dilim, dedilar,

Sayroqi tilim, dedilar.

Onajonisining quvvati -

Shugina belim, dedilar.

 

***

 

Otam, otam, otam, dedim,

Qoshginasi qalam, dedim.

Shoshmay turing, erka o'g'lim,

O'zim sizga salom, dedim.

Dodam!

Dodalarning dodasi,

Donolarning ustasi!

Mening eng mehribonim,

Suyukli Dodajonim!

 

Ayom kuningiz bilan,

Muborakbod etaman.

Shodiyakhon erkangiz,

Sizni yaxshi ko'raman.

Dodajonim!

Dodajonim mehribon!

Ayomingiz muborak.

Sog' bo'ling, bo'ling omon,

Siz bizga juda kerak!

 

Tezroq diydorlashaylik,

Sizga erka bo'laylik.

Fahrimizsiz siz bizni,

Yaxshi ko'ramiz sizni!

Bahor kelayotir

Bahor kelayotir,
Toza, musaffo.
Moviy kengliklarda o‘ynaydi shamol.
Daralar qo‘ynida zangor bir havo,
Tumanli shahr ichra yotmoqlik malol.

Qoyalar ko‘ksida shodmon, beqayg‘u
Oniy umri bilan sollanar chechak.
Bahor - eng pokiza shabbodadir bu,
Bahor - eng toza bir shamoldir demak.

Kengliklar bag‘riga uraman o‘zni,
Ko‘zimga ko‘ringay dilbar diyorim.
Go‘dak nafasidek yupatar yuzni
Qish bo‘yi intizor kutgan bahorim.

Bahor-ku o‘tadi shamoldek shitob,
Mayli o‘tajak u va o‘tar bo‘lsin.
Azizim, umringda havo bo‘lsin sof,
Umring shamollari muattar bo‘lsin...

Abdulla Oripov

Kitob do'koni